Oila kodeksining 99-moddasiga asosan aliment to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

 

Oila kodeksi 105-moddasiga ko‘ra, aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.

 

Siz ushbu holatda sudga aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha murojaat qilishingiz kerak. Aliment to‘laydigan farzandlaringizdan tashqari yana 2 ta farzandingiz bo‘lgani uchun sud aliment miqdorini qayta hisoblab beradi.

 

 

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

                                        T.A.Zokirjonov

Erim bilan ajrashish arafasida turibmiz. Kelinlik uyimga propiskaga qo‘yilmaganman. Erim, qaynonam meni har kuni “chiqib ket uydan, bo‘lmasa o‘zimiz chiqarib yuboramiz”, deb qo‘rqitadi. Men ajrashganimizdan keyin ketaman deyapman. Nima qilay, maslahat bering.

Javob:Bu uydan hech kim chiqarib yubora olmaydi sizni. Propiskada bo‘lmasangiz ham.

Sababi, Uy-joy kodeksining 32-moddasiga asosan uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

 

Agar sizni uydan chiqarmoqchi bo‘lishsa, sudga uydan majburiy tartibda chiqartirish to‘g‘risida murojaat qilishlari lozim.

 

 

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

                                               T.A.Zokirjonov

Qonunchilikka ko‘ra (PF-81, 24.05.2024-y.) 2025/2026-o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.

 

Bunda fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishda ushbu fandan test sinovi o‘tkazilmaydi. Abiturientlar belgilangan darajadagi sertifikatni taqdim etishlari lozim.

 

2025/2026-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiriladigan fanlar majmuasiga ko‘ra chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati yuqoridagi rasmda berilgan.

E’tibor bering: 1-fan sifatida aniq ko‘rsatilgan ingliz, nemis va fransuz tillaridan ayni shu fan bo‘yicha, 1-fan “Chet tili” ko‘rsatilgan ta’lim yo‘nalishlariga esa, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun tasdiqlangan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro sertifikatlardan birini taqdim etish talab etiladi.

Bu nima degani?

Masalan, 1-fan “ingliz tili” deb yozilgan bo‘lsa, aynan ingliz tilidan sertifikat kerak bo‘ladi. Nemis yoki turk tilidan sertifikati borlar bu yo‘nalishga topshira olmaydi.

Lekin 1-fan “chet tili” deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, unda qaysi tildan sertifikati borliginining qizig‘i yo‘q. Istalgan tildan olingan tasdiqlangan sertifikat o‘taveradi.

 

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

                                      T.A.Zokirjonov

Ko‘pchilik aliment to‘lovchilar MIB ijrochilari  tomonidan chetga chiqishga ta’qiq qo‘yib qo‘yilganidan norozi bo‘lib bizga murojaat qilishadi. Aksariyat holatlarda MIB tomonidan taqiq uning qarzi bo‘lmagan taqdirda ham qo‘yiladi. Buning huquqiy asoslariga birma bir to‘xtalib o‘tamiz va ijrochilarning xarakatlari huquqiy tartibini tushuntiramiz.

Oila kodeksining 145-moddasiga asosan  Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o‘zi ta’minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchilar bilan ushbu Kodeksning 130—134-moddalariga asosan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shart. Ya’ni aliment to‘lovchi 3 oydan ortiq muddatga chet elga chiqayotganda  aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzadi va bu kelishuv notarial tasdiqlanishi shart.

Shunda savol tug‘iladi agar safar 3 oydan kam muddatga bo‘lsa, masalan turli sayohatlarga, umra safarlariga yoki ish yuzasidan biznes uchrashuvlarga borganda tartib qanday bo‘ladi? Bu vaziyatda MIB xodimining ta’qiq qo‘yishga vakolati bormi?

"Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi qonunning 42-1-moddasiga asosan Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati bo‘lgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli ekani belgilangan.

Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori katta davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur qarorning ko‘chirma nusxalari qarzdor jismoniy shaxsga (agar uning turgan joyi ma’lum bo‘lsa), ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga (boshqarmasiga) hamda Davlat chegarasini qo‘riqlash organlariga yuboriladi.

Aksariyat holatlarda amaliyotda aliment to‘lovchi shaxsning qarzi bo‘lmasa ham ularga taqiq qo‘yib qo‘yiladi. Bu qanchalik asosli? yuqoridagi moddaga etibor qaratilsa,  " talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda" deb takidlanmoqda bundan kelib chiqaвiki, ijrochi qarzdorligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan xorijga chiqishga ta’qiq qo‘yishi noqonuniy.

Mana shunday holat vujudga kelganda nima kilish kerak?

Mazkur moddaning o‘zida Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi mumkinligi belgilangan. Agar siz MIB xodimining qarori ustidan ma’muriy sudga murojaat qilgan taqdiringizda sud noqonuniy chiqarilgan haqiqiy emas deb topadi

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

                                                                                                                    J.K.Akramov

Assalomu alaykum! Er-xotin ajralish to‘g‘risida ariza bergan. 1 oydan oshdi. Lekin kelin narsalarini olib ketishni xohlamayapti. Dalolatnoma qilmay, MFY vakillarisiz narsalarini onasinikiga eltib tashlasak bo‘ladimi? Mazmunda YXKM xodimlariga savolar kelib tushmoqda.

 

Bu masalada keyinchalik o‘zingizga kattagina muammo kelib chiqishini xohlamasangiz, kelinning seplarini dalolatnoma tuzib bitta xonaga joylab muhrlab qo‘yishni tavsiya qilamiz.

Bunda dalolatnomani quyidagi shaxslar bilan tuzgan ma’qul:

  • O‘zingiz yashaydigan MFY vakili;
  • Kelin yashaydigan MFYdan vakil;
  • Hududiy uchastka inspektori;
  • Mahalla faollaridan (qo‘ni-qo‘shni) 1 yoki 2 guvoh.

Dalolatnoma tuzish jarayonida kelin olib kelgan har bir narsa alohida xonaga olish jarayonida ro‘yxatga olinadi va dalolatnomaga ilova qilinadi.

Nega bunday deganimizni quyidagicha tushuntiramiz. Oila kodeksi 44-moddasiga muvofiq nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida to‘yni o‘tkazishga ketgan sarf-xarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.

Shuningdek, Oliy sudi Plenumining 2011-yil 20-iyuldagi 06-sonli “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 20-bandi uchinchi xatboshisiga asosan to‘yni, shuningdek nikoh marosimlari bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha qarzlar va boshqa xarajatlar inobatga olinmaydi.

Yuqoridagi qoidalarning mazmuniga ko‘ra, sud nikohdan ajrashish haqida ishni ko‘rishda kelinning seplari masalasini hal qilmaydi. Bu degani kelin olib kelgan narsalarni qaytarish masalasi fuqarolik qonunchiligi tartibida hal etiladi degani.

Shuni ham aytish kerakki, agar kelin yoki uning oilasi olib kelgan narsalarni siz olib borib bersangiz-u, keyin ular IIBga yoki prokuraturaga narsalar o‘g‘irlandi degan vaj bilan da’vo qilsa, unda siz shu narslar o‘g‘irlanmaganligini isbotlab berishingizga to‘g‘ri keladi.

Shu tufayli yuqoridagi tavsiyaga amal qilishni va fuqarolik sudiga kelinni uydan ko‘chirish haqida da’vo qilishingizni masalahat beramiz.

Eslatib o‘tamiz, bizning kanal orqali barcha yuridik hujjatlarga, shuningdek yuqoridagi da’vo arizasiga ham buyurtma qilishingiz mumkin

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

                                        J.K.Akramov