Янгиликлар
Yuborgan hujjatlaringizga ko‘ra, MIBning 2022 yil 10 avgustdagi "Ijro ish yuritishini tamomlash hamda ijro xujjatlarini undiruvchiga qaratish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, sizdan aliment undirish bo‘yicha ish tamomlangan. Bunga asos "Sud xujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunning 40-moddasi 1-xatboshisi hisoblanadi. Unga ko‘ra: Ijro hujjatlarida ko‘rsatilgan undiruv (talab) amalga oshirilmagan yoki qisman amalga oshirilgan bo‘lsa, bunday ijro hujjatlari undiruvchining arizasiga ko‘ra undiruvchiga qaytariladi. Ya’ni ushbu moddaga ko‘ra ishni tamomlash uchun xotiningiz sizni alimentga berish to‘g‘risidagi arizasini qaytarib olish to‘g‘risida ariza yozishi kerak. Shundan so‘ng MIB xodimi ishni tamomlaydi va sizdan har oyda undiriladigan alimentni undirish ham to‘htatiladi. Undirilmagan oy, yillar uchun hech qanday muddat hisoblanmaydi.
MIB xodimining sizga aytgan "xotiningizni aliment undirish to‘g‘risidagi arizasini qaytarib olish to‘g‘risidagi arizasi rad etilgan" degan vajining o‘zi, umuman qonunda mavjud emas, chunki aliment olish yoki olmaslik sobiq xotiningizni xuquqi. Uni rad etish MIBning vakolatiga kirmaydi.
Yana bir narsaga e’tibor bersak, sobiq xotiningizni qayta alimentga berish huquqi mavjud. Agar 2024-yildan boshlab qayta aliment tayinlashni so‘rab murojaat etgan taqdirda ham, Oila kodeksining 136-moddasiga ko‘ra, aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Shu bilan birga, mazkur modda 136-modda talablariga ko‘ra, aliment o‘tgan davr uchun uch yillik muddat doirasida undirilishiga har qanday holatda ham emas, faqat ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi asos bo‘ladi.
Ya’ni, bu moddaga ko‘ra, xotiningiz sizni qayta alimentga bersa, faqat o‘sha arizani qayta bergan paytdan boshlab undiriladi. Undan avvalgi davrlar uchun emas. Undan avvalgi davrlar uchun undirilishi mumkin, qachonki siz aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan bo‘lsangiz. Lekin siz bunday qilmagansiz. Demak bu qismini sizga nisbatan qo‘llashlari mutlaqo xato. Vaziyatingizda MIBning xarakatlari noqonuniy xisoblanadi.
MIB xodimining ustidan, "Sud xujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunning 86¹-moddasiga ko‘ra, davlat ijrochisining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qaror chiqarilganligi to‘g‘risida xabar qilingan kundan yoki manfaatdor shaxsga o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran o‘n kunlik muddatda davlat ijrochisi joylashgan yerdagi ma’muriy sudga yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi.
Davlat ijrochisining qaroriga qonunda belgilangan tartibda prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.K.Akramov
Jinoyat kodeksining 77-moddasiga asosan sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir.
Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi.
Jinoyat kodeksi 78-moddasida sudlanganlik holatining tugallanishi belgilab qo‘yilgan.
Ushbu moddaga ko‘ra, shaxsning sudlanganlik holati quyidagi paytlarda tugallanadi:
- a) shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sinov muddati tugagan kundan boshlab;
- b) majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;
- v) jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin bir yil o‘tgach;
- g) ozodlikni cheklash jazosi o‘talganidan keyin — ikki yil o‘tgach;
- d) besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — to‘rt yil o‘tgach;
- e) besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — yetti yil o‘tgach;
- j) o‘n yildan ortiq, lekin o‘n besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — o‘n yil o‘tgach.
Jinoyat kodeksining 79-moddasi (sudlanganlikning olib tashlanishi) 3-qismiga ko‘ra, o‘n besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan shaxslar hamda o‘ta xavfli residivistlar, agar ular jazoni o‘tab chiqqanidan keyin o‘n besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasalar, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.
Ya’ni, shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab bo‘lib, ozodlikka chiqqanidan so‘ng 15 yil mobaynida boshqa yangi jinoyat sodir qilmasa, sudlanganlik holati sud tomonidan olib tashlanadi (bu o‘n besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan shaxslar uchun)
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 18-sentyabrdagi 13-sonli “Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 4-qismi 3-bandida quyidagicha keltirilgan:
Sudlanganlikning olib tashlanishi undan kelib chiqqan huquqiy oqibatlar sudlanganlik holati barham topishi uchun qonunda belgilangan muddatlar o‘tguniga qadar sud qaroriga asosan tugatilishini anglatadi. Sudlanganlik olib tashlanishi uchun shaxsning jazoni o‘tab chiqqandan keyingi benuqson xulq-atvori (unga nisbatan ma’muriy jazo yoki intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilmaganligi), jamoat birlashmasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi, jamoa yoki shaxsning o‘zi JK 79-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar o‘tgandan so‘ng bergan iltimosnomasi asos bo‘lishi mumkin.
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.K.Akramov
Savol: Mani yoshim 56 da. Ko`chada meni 30 ga kirgan o`spirin yigit yo`lni noto`gri joyidan o`tganligim uchun haqorat qildi. Tortishib ketdik. U yigit meni chidab bo`lmas haqoratli soʻzlar bilan (uyat: boshim qolmadi, oʻzim qolmadi) haqoratladi. Shu holatda shokga tushib “sani qaysi haromi dunyoga keltirgan, 56 kirgan katta ayolni ham haqorat qilasanmi” degan so`zlarimni zapis qilib, haromi deganing uchun shtraf to`lataman deb men bilan olishib yotibdi. O`zi meni haqoratlagan joylarini o`chirvoribdi. Haromi so`zi haqoratga kiradimi va qanday jazo qo`llanilishi mumkin. Yoki qancha miqdorda jarima to`laniladi. Javob uchun oldindan rahmat
Savolingizga aniq javob bera olmaymiz. Ushbu masalada “haromi” soʻzi tilshunoslar tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi. Shundan soʻnggina sud tomonidan u haqorat yoki yoʻqligi tan olinadi.
Oʻzbek tilining izohli lugʻatida ushbu tushuncha “Oʻzaro nikoh qilinmagan erkak va ayoldan tugʻilgan bola” deb izohlanadi.
Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, sizdagi holatda bu soʻz haqorat sifatida qabul qilinishi mumkin. Bunda mazkur qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 41-moddasiga muvofiq haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish:
➖ bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shuningdek, ushbu kodeks 40-moddasida tuhmat, yaʼni bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish:
➖ bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 60 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi mustahkamlab qoʻyilgan.
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.K.Akramov
Ish beruvchi va xodim o’rtasidagi mehnat munosabatlari asosan taraflar o’rtasida tuziladigan mehnat shartnomasi, shu korxonaning lokal hujjatlari-Ichki mehnat tartib qoidalari, jamoa shartnomalari bilan tartibga solinadi.
Xodim tomonidan mehnat intizomiga rioya qilinmaganda unga nisbatan Ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qo’llaniladi. Shuni ta’kidlash kerakki, intizomiy jazo belgilashda O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312-moddasida belgilangan jazo choralari qo’llanilishi lozim. Ish beruvchi xodimga nisbatan intizomiy jazo qo’llashda avvalo, sodir etilgan nojo’ya hatti-harakatning qay darajada og’ir ekanligiga to’g’ri baho berishi shart. Shu bois, ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning ilgari sodir qilgan nojo‘ya xatti-harakati uchun jazo qo‘llashga to‘siq bo‘la olmaydi. (O’zR MK 313-moddasi).
Aksariyat hollarda, Yuridik xizmat ko’rsatish markaziga yuborilayotgan buyruq loyihalari va unga ilova qilingan hujjatlarda xodimga nisbatan qo’llanilgan intizomiy jazolar u sodir etgan holatlarga mutanosib emasligi aniqlanmoqda. Ko’pincha ish beruvchi xodimga nisbatan birinchi marta “Hayfsan” intizomiy jazosini qo’llagan bo’lsa, xodim tomonidan ikkinchi marta nojo’ya harakat sodir etilganda , garchi u holat og’irlilik darajasi yuqori bo’lmasada, ish beruvchi unga nisbatan “Hayfsan intizomiy jazosi qo’llaganini e’tiborga olib, “jarima” intizomiy jazosini qo’llaydi. Bu no’to’g’ri holat mehnat munosabatlariga o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatadi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 313- belgilanganidek, har bir nojo‘ya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qo‘llanishi mumkin.
Intizomiy jazo bevosita nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki ta’tilda bo‘lgan vaqtini hisobga olmasdan, uzog‘i bilan bir oy ichida qo‘llaniladi.
Nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab olti oy o‘tganidan, moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlanganda esa, — sodir etilgan kundan boshlab ikki yil o‘tganidan keyin jazoni qo‘llab bo‘lmaydi. Jinoiy ish bo‘yicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi.
Intizomiy jazo berilgani to‘g‘risidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi.
Amaliyotda tashkilotlar tomonidan sodir etilgan holat yuzasidan hujjatlar to’g’ri rasmiylashtirilmagan holda shoshma-shosharlikka yo’l qo’yib, noto’g’ri ravishda intizomiy jazo qo’llash holatlari uchramoqda. Jumladan, xodimning holat bo’yicha tushuntirish xatini olmasdan yoki uning tushuntirish xatida uning aybi mavjud emasligini asoslantiruvchi vajlar ko’rsatilgan bo’lishiga qaramay, unga nisbatan ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qo’llash bo’yicha buyruq chiqarilgan. Shu bois, Tuman adliya bo`limi YUXKM tomonidan buyruq loyihasiga albatta holat bo’yicha yozilgan ma’sul shaxsning bildirgisi, tuzilgan dalolatnoma, xodimning yozgan tushuntirish xati yoki tushuntirish xati yozishdan bosh tortganligi bo’yicha tuzilgan dalolatnomani ilova qilish talab qilinadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, sodir etilgan holat bevosita xodimning o’z mehnat faoliyatiga tegishli bo’lishiga e’tibor qaratilishi shart. Deylik, xodim yo’l harakati qoidasiga rioya qilmasligi oqibatida unga nisbatan ma’muriy jazo qollanilganligi bo’yicha xabar uning ish joyiga YPX tomonidan yuborilsa, ish beruvchi shu vajdan unga nisbatan qo’shimcha ravishda intizomiy jazo qo’llashi mumkin emas.
Ba’zi hollarda ish beruvchi xodimga intizomiy jazoni qo’llash jarayonida O’zR MK ning 312-moddasidagi ketma-ketlik asosida, ya’ni avval “Hayfsan”, u qo’llanilganidan so’ng “jarima” intizomiy jazosini qo’llaydi. Bu noto’g’ri. Chunki xodimning sodir etgan hatti -harakatiga nisbatan uning qay darajada og’rligiga qarab intizomiy jazo qo’llash maqsadga muvofiqdir. Masalan, qorovulning ish vaqtida uxlab qo’lishi yoki o’z ish joyini sababsiz va ogohlantirmasdan tark etishi holatida Ish beruvchi unga nisbatan MK ning 312-moddasi 3- bandi, ya’ni mazkur kodeksning 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlari qo’llagan holda mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ish beruvchi tomonidan xodimga nisbatan qo’llanilgan har bir intizomiy jazo adolatli va qonunga mos bo’lishi, bunda xodimning ham huquqlari buzilmasligi lozim.
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig`i
F.G`ofurov
Косонсой тумани ҳокими Дилмурод Қодиров, 1-сектор ҳудудидаги "Навбаҳор" маҳалласида бўлиб, аҳоли вакиллари билан юзма юз мулоқот ўтказди.
Сайёр қабул давомида уй-жой, иссиқхона қуриш, тиббий ёрдам, бандлик, кадастр, оилавий масала билан боғлиқ мурожаатлар келиб тушди.
Ҳар бир масала тегишли ташкилотлар масъуллари иштирокида кўриб чиқилиб, ижроси юзасидан тушунтириш берилди. Ўрганиш ва муддат қиладиган мурожаатларни қаноатлантирилиши назоратга олинди.
Бу каби қабуллар туман аҳолисининг муаммоларига зудлик билан ечим топишга қаратилган бўлиб, улар фуқароларнинг манфаатларини ҳимоя қилиш ва турли ижтимоий масалаларни самарали ҳал этишга хизмат қилади.







