Assalomu alaykum! Er-xotin ajralish to‘g‘risida ariza bergan. 1 oydan oshdi. Lekin kelin narsalarini olib ketishni xohlamayapti. Dalolatnoma qilmay, MFY vakillarisiz narsalarini onasinikiga eltib tashlasak bo‘ladimi? Mazmunda YXKM xodimlariga savolar kelib tushmoqda.
Bu masalada keyinchalik o‘zingizga kattagina muammo kelib chiqishini xohlamasangiz, kelinning seplarini dalolatnoma tuzib bitta xonaga joylab muhrlab qo‘yishni tavsiya qilamiz.
Bunda dalolatnomani quyidagi shaxslar bilan tuzgan ma’qul:
- O‘zingiz yashaydigan MFY vakili;
- Kelin yashaydigan MFYdan vakil;
- Hududiy uchastka inspektori;
- Mahalla faollaridan (qo‘ni-qo‘shni) 1 yoki 2 guvoh.
Dalolatnoma tuzish jarayonida kelin olib kelgan har bir narsa alohida xonaga olish jarayonida ro‘yxatga olinadi va dalolatnomaga ilova qilinadi.
Nega bunday deganimizni quyidagicha tushuntiramiz. Oila kodeksi 44-moddasiga muvofiq nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida to‘yni o‘tkazishga ketgan sarf-xarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.
Shuningdek, Oliy sudi Plenumining 2011-yil 20-iyuldagi 06-sonli “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 20-bandi uchinchi xatboshisiga asosan to‘yni, shuningdek nikoh marosimlari bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha qarzlar va boshqa xarajatlar inobatga olinmaydi.
Yuqoridagi qoidalarning mazmuniga ko‘ra, sud nikohdan ajrashish haqida ishni ko‘rishda kelinning seplari masalasini hal qilmaydi. Bu degani kelin olib kelgan narsalarni qaytarish masalasi fuqarolik qonunchiligi tartibida hal etiladi degani.
Shuni ham aytish kerakki, agar kelin yoki uning oilasi olib kelgan narsalarni siz olib borib bersangiz-u, keyin ular IIBga yoki prokuraturaga narsalar o‘g‘irlandi degan vaj bilan da’vo qilsa, unda siz shu narslar o‘g‘irlanmaganligini isbotlab berishingizga to‘g‘ri keladi.
Shu tufayli yuqoridagi tavsiyaga amal qilishni va fuqarolik sudiga kelinni uydan ko‘chirish haqida da’vo qilishingizni masalahat beramiz.
Eslatib o‘tamiz, bizning kanal orqali barcha yuridik hujjatlarga, shuningdek yuqoridagi da’vo arizasiga ham buyurtma qilishingiz mumkin
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.K.Akramov






