Ko‘pchilik aliment to‘lovchilar MIB ijrochilari tomonidan chetga chiqishga ta’qiq qo‘yib qo‘yilganidan norozi bo‘lib bizga murojaat qilishadi. Aksariyat holatlarda MIB tomonidan taqiq uning qarzi bo‘lmagan taqdirda ham qo‘yiladi. Buning huquqiy asoslariga birma bir to‘xtalib o‘tamiz va ijrochilarning xarakatlari huquqiy tartibini tushuntiramiz.
Oila kodeksining 145-moddasiga asosan Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o‘zi ta’minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchilar bilan ushbu Kodeksning 130—134-moddalariga asosan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shart. Ya’ni aliment to‘lovchi 3 oydan ortiq muddatga chet elga chiqayotganda aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzadi va bu kelishuv notarial tasdiqlanishi shart.
Shunda savol tug‘iladi agar safar 3 oydan kam muddatga bo‘lsa, masalan turli sayohatlarga, umra safarlariga yoki ish yuzasidan biznes uchrashuvlarga borganda tartib qanday bo‘ladi? Bu vaziyatda MIB xodimining ta’qiq qo‘yishga vakolati bormi?
"Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi qonunning 42-1-moddasiga asosan Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati bo‘lgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli ekani belgilangan.
Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori katta davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur qarorning ko‘chirma nusxalari qarzdor jismoniy shaxsga (agar uning turgan joyi ma’lum bo‘lsa), ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga (boshqarmasiga) hamda Davlat chegarasini qo‘riqlash organlariga yuboriladi.
Aksariyat holatlarda amaliyotda aliment to‘lovchi shaxsning qarzi bo‘lmasa ham ularga taqiq qo‘yib qo‘yiladi. Bu qanchalik asosli? yuqoridagi moddaga etibor qaratilsa, " talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda" deb takidlanmoqda bundan kelib chiqaвiki, ijrochi qarzdorligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan xorijga chiqishga ta’qiq qo‘yishi noqonuniy.
Mana shunday holat vujudga kelganda nima kilish kerak?
Mazkur moddaning o‘zida Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi mumkinligi belgilangan. Agar siz MIB xodimining qarori ustidan ma’muriy sudga murojaat qilgan taqdiringizda sud noqonuniy chiqarilgan haqiqiy emas deb topadi
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.K.Akramov






