Sigaret qoldigʼini yoki biron bir maxsulotning chiqindisini chiqindi qutilariga erinmay borib, tashlab kelgan odam mashinasiga vatanimiz bayrogʼini ilib olib "Vataaaaan jonim toʼshay soyangga!" deb, baqirib yurgan odamdan koʼra vatanparvarroq tuyuladi menga...

Koʼchada ketayotgan odamning qoʼlidagi plastik idish yoki boshqa chiqindi biz uchun muammo boʼlib koʼrinadi. Vaholanki, mazkur chiqindini nafaqat toʼgʼri tarzda yigʼib olib yoʼq qilish, balki undan yaxshigina moddiy foyda qilish mumkin. Oʼzbekistonda ekologik muammolarning ildizlaridan biri boʼlgan chiqindi tashlash madaniyatiga yetarlicha eʼtibor qaratilmaydi. Oxirgi marta qoʼlingizdagi chiqindini qaerga tashlaganingizni eslab koʼring

Oziq-ovqat mahsulotlarining qogʼozlari, baklajkalar, sellofan paketlar – ayrim koʼchalar uchun odatiy manzara. Befarqlikdan achchiq haqiqatni anglash mumkin: koʼpchilik tabiatni sevmaydi.

Xalqimizning koʼp yaxshi xislatlari bor, ammo ular qatoriga, afsuski, tabiatni asrash fazilati hali qoʼshilmagan.

Buni, masalan, tumanimiz koʼchalarini kezib, yoʼlaklarda, ariqlarda yotgan maishiy chiqindilar misolida koʼrish mumkin.

Urnalar yetishmasligi, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlamaslik kabi omillarni inkor etib boʼlmaydi, toʼgʼri, biroq atrof-muhitni juda bir eʼzozlaydigan xalqmiz deyish ham mubolagʼa boʼladi.

Oʼzbekistonda atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun jarimalar belgilangan. Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 82-, 91-, 123-moddalarida chiqindini tashlash boʼyicha normalar belgilab qoʼyilgan. 82-moddaga muvofiq, muhofaza qilinayotgan tabiiy hudud rejimini buzish 1,1 mln soʼm miqdorida jarimaga sabab boʼladi.

Bundan tashqari, fuqaro 91-moddada koʼrsatilganidek noqonuniy joyga chiqindini tashlaydigan boʼlsa, hozirgi kunda 669 ming soʼm jarima toʼlaydi. Аvtomashinadan chiqindini tashlaydigan boʼlsa, 123-moddaga asosan 223 ming soʼmgacha jarimaga tortiladi.

Аfsuski, jarima miqdorini belgilab qoʼyish bilangina koʼzlangan maqsadga erishib boʼlmaydi.

Chiqindi tashlaganlarni qattiq jazoga tortish (kameralar orqali aniqlash), aholini chiqindini saralashga oʼrgatish, ularni qayta ishlashni yoʼlga qoʼyish zarur.

OАVda ham falonchi chiqindini belgilanmagan joyga tashlagani uchun jazolanibdi, jarimaga tortilibdi, degan gaplar yoritilmaydi. Demak, chiqindi boʼyicha nazorat haminqadar”.     

Maʼlumot uchun bir faktni qayd etmoqchiman: Yapon maktablarini oʼquvchilarning oʼzi tozalaydi. 12 yillik maktab taʼlimi davomida boshlangʼichdan to yuqori sinfgacha tozalik vaqti oʼquvchilar kunlik jadvalining muhim qismiga aylangan.

Bu bilan maktab oʼquvchilari yaponlarga oʼxshab chiqindi tozalasin, demoqchi emasman. Shunchaki, barcha fuqarolarimiz Oziq-ovqat mahsulotlarining qogʼozlari, baklajkalar, sellofan paketlarni toʼgʼri kelgan joylarga emas, belgilangan joylarga tashlash kifoya.

Аtrof-muhitga eʼtiborli boʼlaylik azizlar!

 

Mahliyo ABDUAHATOVA, Farg`ona davlat universiteti talabasi