Kirib kelgan yangi 2025 yilda bir qator Qonunchilikdagi oʼzgarishlar va yangiliklar hayotga tatbiq etildi.

Jumladan:

  • Kambagʼal oilalarga bir qator imtiyozlar berildi:

 -Mehnatga haq toʼlashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam boʼlmagan oylik ish haqi toʼlangan holda ishga joylashgan Kambagʼal oilalar reestriga kiritilgan oila aʼzosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada toʼlanadi.

-“Kambagʼallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish doirasida kambagʼal oilalar farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.

 -Kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band boʼlmagan aʼzolari ishga joylashganda, oʼzini oʼzi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yoʼlga qoʼyganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan koʼp boʼlmagan muddatga toʼlash davom ettiriladi;

-Kambagʼal oilalarga koʼmak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila aʼzolarining bandligini taʼminlash, oʼz tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila aʼzolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni oʼrganishi hamda sogʼligʼini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda koʼrsatiladi.

2.Mahallalarda "Mahalla bankirlari” faoliyati yoʼlga qoʼyiladi

Mahallalarda aholi bandligini taʼminlash va daromadli qilish maqsadida 2025 yil 1 fevralga qadar tuman banklari filiallarida mahallabay ishlash boʼlimlari tashkil etiladi.

Har bir mahallada "mahalla bankirlari” bilan birga ishlaydigan “yordamchi-agentlar” tanlab olinadi.

3.Uyini termit “egan” fuqarolarga boshqa uy-joy beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 noyabrda kuchga kirgan 734-sonli qaroriga asosan termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylar yashash uchun yaroqsiz deb topilsa, aholi boshqa uy-joy bilan taʼminlanadi.

Qaror bilan termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʼyicha davlat xizmatini koʼrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Maʼmuriy reglamentga muvofiq ushbu davlat xizmati 2025 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali koʼrsatiladi.

Аriza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan borib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YaIDXP orqali roʼyxatdan oʼtadi.

Аriza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli soʼrovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʼldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʼng 10 daqiqa mobaynida komissiyaga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʼrovnoma avtomatik tarzda komissiyaga yuboriladi.

Komissiya 7 ish kuni davomida soʼrovnomani koʼrib chiqib, uy-joy joylashgan hududga chiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi:

-uy-joyning termitlar va boshqa hasharotlardan zararlanganlik darajasini,

-texnik holatini,

-yashash imkoniyati mavjudligini yoki yaroqsiz holatga kelganligini;

Oʼrganish natijasida komissiya xulosasi ariza beruvchiga yuboriladi, bunda oʼrganish natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qoʼshimcha ravishda tegishlicha Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga moʼljallanmagan joylar toifasiga oʼtkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini koʼrib chiqish uchun yuboriladi.

Аriza uyga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan taʼminlash uchun asos hisoblanadi.

         Davlat xizmatini koʼrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʼladi:

  • soʼrovnomada notoʼgʼri yoki xato maʼlumotlar koʼrsatilganda;
  • ariza beruvchi tomonidan komissiyaga uy-joyni koʼzdan kechirish uchun imkon berilmaganda yoki koʼzdan kechirishga toʼsqinlik qilinganda;
  • uy-joyning termitlar va boshqa hasharotlardan zararlangan boʼlishiga qaramay, uning texnik holati yashash imkonini berganda;
  • uy-joyda termitlar va boshqa hasharotlardan zararlanish holatlari aniqlanmaganda.

4.Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshiriladi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentning 2024 yil 22 noyabrdagi “Madaniyat va sanʼat, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlarini oshirish toʼgʼrisida”gi qaroriga asosan davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi quyidagi miqdorlarda oshiriladi:

  • 2025 yil 1 yanvardan boshlab – 20 foizga;
  • 2025 yil 1 iyuldan boshlab – yana 15 foizga oshiriladi.

5.Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi keshbek shaklida qaytariladi

Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi keshbek sifatida qaytariladi.

Oylik aylanmasini naqd pulsiz amalga oshirganlarga esa QQSning 40 foizi toʼlangan zahoti qaytariladi.

QQS toʼlashga oʼtgan restoran va kafelarning foyda soligʼi 2 karraga kamayadi.

  • Hokimliklarga yangi vakolatlar berildi

 Tuman (shahar)lar hokimliklariga quyidagi yoʼnalishlarda maʼmuriy vakolatlar berildi:

  • davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlar oʼrtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar)larda Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish;
  • 2025 yil 1 yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) boʼlimlari rahbarlarini masʼul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli masʼullarga ragʼbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini koʼrish;
  • 2025 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha belgilangan roʼyxat boʼyicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyatini “Аholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etish.

 

Kosonsoy tuman adliya boʼlimi

Davlat xizmatlari markazi direktori:                         T.Haydarov

 

Markazning bosh mutaxassisi                          А.Xasanov