Adliya organlari va muassasalarida bugungi kunda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda joylarda fuqarolarga bepul birlamchi huquqiy ko‘mak berish maqsadida joriy yilning           1-martidan 31-mart kuniga qadar “Hech kim hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi o‘tkazilmoqda. Ushbu aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport), tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik va o‘lim qayd etilganligi haqidagi hujjatlarini olish yoki qayta tiklashda fuqarolarga amaliy yordam berishga qaratilgandir.

 Ushbu aksiya O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga asoslangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22-moddasida “Har bir shaxs fuqarolik huquqiga ega. Hech kim fuqarolikdan mahrum etilishi yoki boshqa davlat fuqaroligiga o‘tkazilishi mumkin emas” deb belgilab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaning 27-moddasida esa “Har bir fuqaro shaxsiy hayoti daxlsizligi, shaxsiy hujjatlari va indifikatsion ma’lumotlarini himoya qilish huquqiga ega” ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Aksiyaning o‘tkazilish maqsadi:

Mazkur aksiyaga asosan aholining hujjatsiz qolishining oldini olish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularni davlat xizmatlaridan bemalol foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Ayniqsa:

. Nogironligi bo‘lga shaxslar;

. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar;

. Keksalar va yolg‘iz yashovchi fuqarolar;

. Bolalar uyida tarbiyalanganlar;

. Migratsiya va tabiiy ofatlar tufayli hujjatlarini yo‘qotgan shaxslar – ushbu aksiyadan eng ko‘p manfaat ko‘ruvchilardir.

Aksiya doirasida amalga oshiriladigan ishlar:

  • Hujjatsiz fuqarolarni aniqlash – Mahallalar, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda hujjatsiz shaxslar ro‘yxatini shakllantirish;
  • Huquqiy yordam berish – Hujjatlarni tiklash tartibi bo‘yicha bepul maslahatlar berish;
  • Davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish – Zarur hollarda ariza va hujjatlarni tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatish;
  • Huquqiy savodxonlikni oshirish – Fuqarolar hujjatlarning ahamiyati va ularni vaqtida rasmiylashtirish zarurligi haqida xabardor qilish to‘g‘risida targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish.

Aksiya natijalari:

. Ushbu aksiya natijasida minglab fuqarolar o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lishi;

. bolalarning hujjatlari rasmiylashtirilishi orqali ularni maktab va bog‘chalarga qabul qilinishini osonlashtirish;

. hujjatsiz qolgan fuqarolar pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy imtiyozlarga ega bo‘lishi;

. odam savdosi, noqonuniy migratsiya va boshqa huquqbuzarliklarni oldini olishga xizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xulosa

“Hech kim hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy holatlarini mustahkamlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan loyihadir. Davlat tomonidan fuqarolar uchun hujjat olish jarayonini soddalashtirish va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar inson huquqlarining kafolati sifatida xizmat qiladi. Har bir fuqaro o‘z hujjatlariga ega bo‘lishi orqali davlat xizmatlaridan foydalanish va huquqiy muhofazaga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

 

Kosonsoy tuman adliya bo‘limining FHDY bo‘limi 2-toifali inspektori Mamadaliyev Baxrom Pulatjonovich