Soha taraqqiyotini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biri – bu kadrlar malakasini oshirib borishdir. Shu bois, “O‘zbektelekom” AK tomonidan mazkur masalaga alohida e’tibor qaratib kelinadi.
Xususan, Kompaniyaning Namangan filialida faoliyatlar rejasiga muvofiq Namangan, Farg‘ona hamda Andijon filiallaridagi sotuv va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi rahbar va mutaxassis xodimlarining malakasini oshirish maqsadida o‘quv kursi tashkil qilindi.
To‘rt kun davom etishi mo‘ljallangan o‘quv kursida malakali mutaxassislar – Mavluda G‘affarova, Mixail Xamidullin tomonidan “Zamonaviy menejmentda ahil jamoani shakllantirish yo‘llari”, “Jamoa va xodimlar boshqaruvida muloqot samaradorligi”, “Time management” samaradorlik va natijadorlik kafolati”, “Sotuv xodimlarining ma’naviy qiyofasi”, “Boshqaruv faoliyatida stress va stressorlar bilan ishlash”, “Biznesni boshqarishda bozor qonunlari”, “Korporativ etika va korporativ madaniyat kodeksi” hamda “Marketingning asosiy usullari” kabi qiziqarli mavzulardan iborat ma’ruzalar qamrab olinishi rejalashtirilgan.
O‘quv kursi yakunida qatnashchilarning o‘zlashtirish salohiyati mutaxassislar tomonidan baholanadi va ijobiy natija ko‘rsatganlarga maxsus sertifikatlar taqdim etiladi.
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati







